Toshkent viloyatida pichoq koʻtargan erkak dorixonaga bostirib kirib, kassani oʻmardi — video

O‘zbekiston

Toshkent viloyatida mast erkak pichoq bilan dorixonaga bostirib kirib, sotuvchini qoʻrqitib, kassadan 700 ming soʻmni oʻmargan. Huquq-tartibot organlari jinoyatchini tezda qoʻlga olishdi. Voqea yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda dorixonalardan birining talanishi, unda erkak xodimga pichoq oʻqtalib, kassadan pul olayotgani aks etgan video tarqaldi.

Zor-TV axborot dasturida xabar berilishicha, hodisa 13-yanvar kuni soat 23:05 atrofida Chirchiq shahrida yuz bergan. Erkak pichoq bilan dorixonaga bostirib kirib, sotuvchini qoʻrqitib, pul talab qilgan. U qurol bilan tahdid qilib, kassadan 700 ming soʻmni olib, voqea joyidan qochgan.

“Jinoyatchi tezda qoʻlga olindi — u spirtli ichimlik isteʼmol qilgan 32 yoshli fuqaro ekan”, — deya xabar berdi Toshkent viloyati IIBBsi.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (Qurol ishlatib talonchilik qilish) boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Tergov ishlari olib borilmoqda.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.