Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi “Chorsu” bozorida suratga olingan video paydo boʻldi. 17 yillik ish tajribasiga ega qozogʻistonlik goʻsht sotuvchisi peshtaxtada sotilayotgan jigarning holatini koʻrib hayratda qoldi. Mahsulot exinokokkoz deb ataladigan xavfli kasallikni keltirib chiqaradigan parazit chuvalchanglar — exinokokk bilan zararlangan ekan.
Videoda muammoga eʼtibor qaratilgan sotuvchi buning “kasal goʻsht” ekanligini tan oldi. Biroq uning keyingi izohi yanada hayratlanarli boʻldi: “Hech narsa boʻlmaydi, kim sotib olsa ham, unga hech qanday zarar yetmaydi”.
Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi bozorda haqiqatan ham hech qanday hujjatlarsiz, sanitariya qoidalarini buzgan holda jigar sotilganini tasdiqladi. 9 kilogramm jigar sotuvdan olinib, belgilangan tartibda yoʻq qilindi.
“Shu sababli bozorlarda goʻsht va goʻsht mahsulotlarini xarid qilayotganda, mahsulot sifatini tasdiqlovchi veterinariya-sanitariya ekspertizasi xulosasini soʻrashni unutmang”, — deyiladi idora xabarida.