Rossiya va Eron strategik sheriklik toʻgʻrisida shartnoma imzoladi

O‘zbekiston

Putinning Eron prezidenti Masʼud Pizishkiyon bilan muzokaralari 17-yanvar kuni Moskvada boʻlib oʻtdi. Uchrashuv yakunida Keng qamrovli strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi. Pizishkiyonning taʼkidlashicha, har ikki davlat tashqi aralashuvga yoʻl qoʻymaydi va mintaqada xavfsizlikni mustaqil ravishda taʼminlash qobiliyatiga ega.

Foto: Rossiya prezidenti matbuot xizmati

Vladimir Putin va Eron prezidenti Masʼud Pizishkiyon Kremlda boʻlib oʻtgan muzokaralardan soʻng ikki davlat oʻrtasida keng qamrovli strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnomani imzoladi, deya xabar bermoqda RIA Novosti muxbiri.

“Bugungi muzokaralar natijalaridan mamnunmiz. Ishonchim komilki, erishilgan kelishuvlar Rossiya–Eron munosabatlari va aloqalarining butun majmuasini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Albatta, imzolangan davlatlararo shartnoma ham bunga xizmat qiladi”, — dedi Rossiya rahbari.

Shartnomaning asosiy qoidalari:

  • oʻzaro manfaatli barcha sohalarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash;

  • qoʻshma harbiy mashgʻulotlarni oʻtkazishda yaqindan hamkorlik qilish;

  • agar tomonlardan biri tajovuzga uchrasa, ikkinchi tomon tajovuzkorga tajovuzni davom ettirishga koʻmaklashuvchi yordam koʻrsatmasligi;

  • Rossiya va Eronning oʻz hududlaridan hududiy yaxlitlikka tahdid soluvchi ayirmachilik harakatlarini qoʻllab-quvvatlash uchun foydalanishga yoʻl qoʻymasligi;

  • Rossiya va Eronning xalqaro terrorizm va boshqa tahdid hamda xatarlarga qarshi kurashda hamkorligi;

  • mamlakatlarning bir tomonlama majburlov choralari qoʻllanilishiga qarshi harakat qilish niyati, ularning joriy etilishini xalqaro huquqqa zid qilmish deb hisoblanishi;

  • Moskva va Tehronning uchinchi mamlakatlarning bir-biriga qarshi sanksiyalariga qoʻshilishdan oʻzini tiyishi, bir tomonlama majburlov choralari qoʻllanmasligini kafolatlashi;

  • ikki mamlakat ommaviy axborot vositalarining dezinformatsiya va salbiy targʻibotga qarshi kurashish boʻyicha hamkorligiga koʻmaklashish;

  • tabiiy ofatlar va texnogen halokatlarning oldini olishda bir-biriga mumkin boʻlgan yordam koʻrsatish;

  • Rossiyadan Eronga gaz quvurining Ozarbayjon orqali oʻtishi, tomonlarning narx boʻyicha kelishib olishi;

  • uchinchi mamlakatlardan mustaqil toʻlov infratuzilmasini yaratish maqsadida hamkorlik qilish;

  • Rossiya va Eronning tinch atom sohasidagi qoʻshma loyihalardan, shu jumladan yadro energetikasi obyektlarini qurishdan manfaatdorligi;

  • shartnomaning 20 yilga tuzilgani, keyingi besh yillik davrlarga avtomatik ravishda uzaytirilishi.

Rossiya va Eron oʻrtasida keng qamrovli strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi har ikki davlatning tashqi aralashuvga yoʻl qoʻymasligi va mintaqada xavfsizlikni mustaqil ravishda taʼminlay olish qobiliyatidan dalolat beradi. Bu haqda Eron prezidenti Pezeshkian Solovyovga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.