AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati noqonuniy migrantlarni ommaviy deportatsiya qilish boʻyicha saylovoldi vaʼdalarini 21-yanvardan, yaʼni u lavozimga kirishgan kunning ertasidan bajarishga kirishadi. Bu haqda 17-yanvar, juma kuni chop etilgan The Wall Street Journal (WSJ) gazetasining xabarida maʼlum qilindi.
Nashr maʼlumotlariga koʻra, noqonuniy migrantlarga qarshi birinchi yirik reyd seshanba kuni ertalab Illinoys shtatining Chikago shahrida boshlanadi. Operatsiya haftaning oxirigacha davom etadi. Unda AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati xizmatining 200 ga yaqin xodimi ishtirok etadi. Ularning maqsadi jinoiy oʻtmishga ega boʻlgan noqonuniy migrantlar boʻladi.
Chikagodan soʻng Nyu-York, Kaliforniya shtatidagi Los-Anjeles, Kolorado shtatidagi Denver va Florida shtatidagi Mayami shaharlarida ham muhojirlarga qarshi reydlar oʻtkaziladi.
Avvalroq CNN telekompaniyasi Tramp jamoasi 20-yanvar kuni inauguratsiyadan bir necha soat oʻtib eʼlon qilinadigan qatʼiy immigratsiya qonunlari toʻplami ustidagi ishni yakunlayotganini xabar qilgan edi. CNN manbalariga koʻra, bu allaqachon AQSHda boʻlgan muhojirlar, shuningdek, AQSH va Meksika chegarasida boshpana izlayotganlarga nisbatan qatagʻonning boshlanishi boʻladi.
Noqonuniy migrantlarni ommaviy deportatsiya qilish rejalari yirik shaharlarda immigratsiya va bojxona xizmatlarini tekshirishni, Pentagonning qoʻshimcha resurslarini AQSHning janubiy chegarasiga yuborishni va mamlakatga kirishga qatʼiy cheklovlar kiritishni oʻz ichiga oladi.
Migratsiya inqirozi AQSHdagi saylovoldi kampaniyasining asosiy mavzularidan biriga aylandi. Respublikachilar amaldagi prezident Jo Bayden maʼmuriyati va demokratlarni bu muammoni keskinlashtirib yuborganlikda ayblashdi.
Avvalroq Donald Tramp oʻz lavozimiga kirishganidan soʻng AQSH tarixidagi noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish boʻyicha eng keng koʻlamli operatsiyani oʻtkazishini maʼlum qilgan edi. Xabarlarga koʻra, dastlabki bosqichlarda bir millionga yaqin kishini mamlakatdan chiqarib yuborish rejalashtirilgan.