Isroil HAMAS bilan kelishuv doirasida 90 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi

Dunyo

Isroil HAMAS bilan tuzilgan kelishuv doirasida 90 nafar falastinlik mahbusning birinchi guruhini ozod qildi. Ozodlikka chiqishdan oldin huquq-tartibot idoralari xodimlari mahbuslarning shaxsini tekshirib, ular tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

Times of Israel nashrining Isroil qamoqxonalar boshqarmasiga tayanib xabar berishicha, Isroil HAMAS bilan kelishuv doirasida 90 nafar falastinlik mahbusning birinchi guruhini ozod qildi.

Ozod qilinganlar roʻyxatida 69 nafar ayol va bir nafar voyaga yetmagan qiz bor. Bundan tashqari, qamoqxonadan 12 nafar erkak va 18 yoshga toʻlmagan 8 nafar oʻspirin ozod qilindi. Ushbu shaxslar avvalroq Isroil xavfsizligiga qarshi jinoyatlari uchun hukm qilingan edi.

Ozodlikka chiqishdan oldin huquq-tartibot idoralari xodimlari mahbuslarning shaxsini tekshirib, ular tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Ularning 78 nafari Gʻarbiy qirgʻoq aholisi boʻlib, Beytuniya aholi punktidagi nazorat-oʻtkazish punkti orqali qoʻyib yuborildi. Qolganlari Sharqiy Quddus aholisidir.

Qatar Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili, bosh vazir maslahatchisi Majid bin Muhammad al-Ansoriy Al Jazeera bilan suhbatda fevral oyi boshida HAMAS va Isroil oʻrtasidagi bitimning ikkinchi bosqichi boʻyicha muzokaralar boshlanishini maʼlum qildi.

Reja tafsilotlarini kelishish boʻyicha maslahatlashuvlarni Qatar, Misr va AQSH oʻtkazadi. Al-Ansoriyning soʻzlariga koʻra, HAMAS va Isroil oʻrtasidagi vositachilar “jarayonni batafsil nazorat qilmoqda”. Bitim muhokama qilinayotgan operativ shtab Qohirada joylashgan.

19-yanvar kuni Isroil va HAMAS oʻrtasida oʻt ochishni toʻxtatish kuchga kirdi. Birinchi bosqich 42 kunga moʻljallangan boʻlib, kelishuv doirasida guruh Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan yuzlab falastinliklar evaziga 33 nafar garovga olinganlarni ozod qiladi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.