Ijtimoiy tarmoqlarda Boysun tumanidan yongʻin maydonlari koʻrinib turgan yangi video tarqaldi.
Energetika vazirligi M-25 konida hech qanday favqulodda holat qayd etilmagani, kichik hajmlarda toʻplangan gazni xavfsiz yoqish boʻyicha ishlar olib borilayotganini taʼkidladi.
“Hozirda 2024-yil sentyabr oyida vodorod sulfid sizib chiqishi sodir boʻlgan obyektni konservatsiya qilish boʻyicha rejalashtirilgan ishlar olib borilmoqda. Xususan, 604-sonli quduqda olib borilgan tozalash ishlari davomida yer yuzasiga yaqin joylashgan boʻshliqlar, shuningdek, kollektorlarda gaz toʻplanib qolgan mikro yoriqlar aniqlangan”, — deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan, deb tushuntiradi Energetika vazirligi, toʻplangan gazni xavfsiz chiqarib yuborish maqsadida yoqib yuborish ishlari olib borilmoqda.
“Bu jarayon atrof-muhit ifloslanishining oldini olishning standart usuli boʻlib, sanoat xavfsizligi boʻyicha xalqaro standartlarga toʻliq mos keladi,” - deyiladi vazirlik xabarida.