“Tolibon” mahbuslar almashinuvi doirasida ikki AQSH fuqarosini ozod etdi

Dunyo

“Tolibon” harakati AQSHda giyohvand moddalar va terrorizm uchun hukm qilingan Xon Muhammadni ozod qilish evaziga amerikaliklar ozod etilganini tasdiqladi. Bitim boʻyicha muzokaralar bir necha oy davom etgan. Vashington hozircha rasmiy izoh bermadi.

Foto: arh.mk.ru

Afgʻonistonni nazorat qilayotgan “Tolibon” harakati ikki nafar AQSH fuqarosini mahbuslar ayirboshlash doirasida ozod etganini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda Associated Press (AP).

“Tolibon” tashqi ishlar vazirining aniqlashtirishi boʻyicha, ikki nomaʼlum amerikalik evaziga ilgari AQSHda ikki marta umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Xon Muhammad ozod etilgan. U 2008-yilda AQSHga noqonuniy olib kirilgan giyohvand moddalarni saqlashda, shuningdek, terrorchilik faoliyatida ishtirok etishda aybdor deb topilgan edi. AQSH qamoqxonalar federal byurosi maʼlumotlariga koʻra, Muhammad seshanba kuni qamoqxonani tark etgan.

Tolibon vakillarining aytishicha, mahbuslar ayirboshlashi “uzoq muzokaralar” natijasi boʻlib, AQSH va Afgʻoniston oʻrtasidagi munosabatlarni normallashtirish uchun xizmat qilishi kerak.

Ozod etilgan amerikaliklardan biri Rayan Korbettning oilasi prezident Donald Tramp va sobiq prezident Jo Baydenga ularning saʼy-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirdi. Korbett 2021-yilda Afgʻonistonda hokimiyat almashganidan soʻng 2022-yil avgustidan beri asirlikda edi. Ozod etilgan ikkinchi AQSH fuqarosining shaxsi hozircha oshkor qilinmagan.

Vashington hozircha ayirboshlash boʻyicha izoh bermadi.

Eslatib oʻtamiz, 2021-yil avgustida toliblar Afgʻoniston hududini, jumladan, poytaxt Qobulni sezilarli qarshiliksiz egallab olgan edi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.