Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “Milliy gvardiya toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini koʻrib chiqdilar.
Taʼkidlanishicha, amaldagi qonunchilikda Milliy gvardiya xodimi xizmat vazifasini bajarayotganda fuqaroga murojaat qilganda yoki fuqaro unga murojaat qilgan taqdirda oʻzini tanishtirishi shartligi belgilanmagan.
Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablaridan kelib chiqib, qonunning fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilish prinsipiga oid 6-moddasi Milliy gvardiya organi harbiy xizmatchisining (xodimining) fuqaroga murojaat qilganda oʻzini tanishtirishi, shuningdek, uning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi shartligi haqidagi qoida bilan toʻldirilmoqda.
Qizgʻin muhokamalardan soʻng qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.