Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbari Abdusalom Azizov isteʼfoga chiqish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bu haqda “Gazeta.uz” oʻz manbalariga asoslanib xabar bermoqda.
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) saytida koʻrsatilishicha, OʻFA prezidenti vazifasini vaqtincha birinchi vitse-prezident Ravshan Irmatov bajarmoqda.
OʻFA oʻzining Telegram kanalida 22-fevral kuni uyushmaning navbatdan tashqari kongressi oʻtkazilishi haqida maʼlum qildi. Oʻshanga qadar tashkilot prezidenti vazifasini birinchi vitse-prezident Ravshan Irmatov bajaradi. Shunday qilib, OʻFAning yangi rahbari saylovi bir oydan soʻng oʻtkaziladi.
Abdusalom Azizov 2019-yil iyulidan beri Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari Ochilboy Ramatov oʻrniga assotsiatsiya rahbari lavozimini egallab kelayotgan edi. U 2021-yil sentyabrida ushbu lavozimga qayta saylangan.
Eslatib oʻtamiz, Abdusalom Azizov 2024-yil noyabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) rahbari lavozimidan ozod etilgan edi. Keyinchalik uning prezident maslahatchisi oʻrinbosari lavozimini egallagan maʼlum boʻldi.