Tramp Putin bilan “imkon qadar tezroq” uchrashishni rejalashtirganini maʼlum qildi. AQSH prezidenti bu haqda Oq uyning Oval xonasida birinchi farmonlarni imzolayotganda jurnalistlarga aytdi.
U uchrashuvning aniq vaqtini aytmadi, ammo Rossiya tomoni bilan muzokaralar allaqachon olib borilayotganini taʼkidladi.
U, shuningdek, Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi mojaroni lavozimga kirishganidan soʻng bir kunda tugatish boʻyicha saylovoldi vaʼdasini sharhladi.
“Bu faqat yarim kun, hali yana yarim kunim bor”, — dedi u.
Bundan tashqari, AQSH prezidenti Vladimir Zelenskiy unga Rossiya bilan tinchlik bitimi tuzishga tayyor ekanligini aytganini maʼlum qildi. Shu bilan birga, Tramp Putin bitim tuzishni xohlashi yoki xohlamasligi nomaʼlumligini taʼkidladi.
“Putin bitim tuzishi kerak. Menimcha, u buni qilmay, Rossiyani vayron qilmoqda”, — deya qoʻshimcha qildi Tramp.
U, shuningdek, agar Putin tinchlik kelishuvini rad etsa, Rossiya “jiddiy muammolarga” duch kelishini aytdi.
Eslatib oʻtamiz, 20-yanvar kuni Donald Tramp AQSHning 47-prezidenti lavozimiga kirdi. Qasamyod qilish uchun u davlatning 16-rahbari boʻlgan Avraam Linkolnning Injilidan foydalandi.