Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ushbu muhim tashabbusni amalga oshirishga qaratilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Yevroosiyo taraqqiyot bankini taʼsis etish toʻgʻrisidagi bitimga qoʻshilishi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.
Ushbu qonunning qabul qilinishi Oʻzbekistonning yana bir muhim xalqaro moliya tashkilotiga aʼzo boʻlishi uchun huquqiy asos yaratadi, bu esa mamlakatga oʻz iqtisodiyotini yanada rivojlantirish uchun ushbu tuzilmaning afzalliklaridan foydalanish imkonini beradi.
Ustav kapitali 7 milliard dollarni tashkil etuvchi Yevroosiyo taraqqiyot bankining asosiy maqsadi ishtirokchi mamlakatlardagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirishdan iborat. Bank “yashil iqtisodiyot,” transport va logistika, muqobil energetika, raqamli transformatsiya va qishloq xoʻjaligi kabi yoʻnalishlarda investitsiya faoliyatini davom ettirish niyatida.
2016-yildan hozirgi kunga qadar bank tomonidan 15 milliard dollarlik loyihalarni moliyalashtirish amalga oshirildi. Eʼtiborlisi, bankda aʼzo mamlakatlarning milliy valyutasida buxgalteriya hisobini yuritish tizimi joriy etilgan.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilindi.