20-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Saudiyaning Al Arkan kompaniyasi ijrochi direktori Muhammad al-Fassam oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish jarayonida xavfsizlik va gigiyenani taʼminlashga qaratilgan kompleks dasturni ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Dastur oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilish milliy tizimini yaratish, oziq-ovqat sanoati xodimlarini zamonaviy xavfsizlik standartlariga oʻrgatish, tibbiy, sayyohlik va transport xizmatlari darajasini oshirish uchun taʼlim dasturlarini joriy etish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, professional taʼlimni yaxshilash va boshqa yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi.
Loyihaning amalga oshirilishi mamlakatning yetakchi kompaniyalariga xizmat koʻrsatish va yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishning yangi bosqichiga chiqish imkonini berishi taʼkidlandi. Bu esa, oʻz navbatida, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan yuqori sifatli mahsulot yetkazib berish va koʻrsatilayotgan xizmatlar hajmiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar birgalikdagi saʼy-harakatlarni faollashtirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar, masʼul rahbarlarni tayinladilar va loyihani amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha aniq qadamlarni belgilab oldi.