Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-yanvar kuni oliy taʼlim va ilm-fan sohasidagi ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi. Oʻquv jarayonini optimallashtirish, taʼlim dasturlarini modernizatsiya qilish va oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Erishilgan yutuqlar va kelajakdagi rejalar
Oʻtgan yili bakalavriat yoʻnalishlari maqbullashtirilib, 1 ming 200 dan ortiq taʼlim dasturlari xorijiy andozalarga moslashtirildi. Jumladan, bitiruvchilarga malaka talabi toʻliq yangilandi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, atrof-muhit muhandisligi, biotizimlar muhandisligi kabi zamonaviy yoʻnalishlar ochildi.
Bu yil ham qator muhim vazifalar belgilangan. Xususan, yana mingdan ortiq taʼlim dasturlari “TOP-300” universitet dasturlari asosida takomillashtiriladi. 45 ta taʼlim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkaziladi. Oliygohlarda Registrator ofisi xizmatlari bilan talabalar toʻliq qamrab olinadi. Dual taʼlimga yana 50 ming talaba jalb qilinadi.
Oliy taʼlimda ilmiy salohiyatni 55 foizga chiqarish, xorijda 5 ming nafar pedagog malakasini oshirish rejalashtirilgan. Ilgʻor muhandislik maktablarini 25 taga yetkazib, sanoat korxonalari bilan loyihalar qiymatini 10 barobar oshirish maqsad qilingan.
Taʼlimni raqamlashtirish va integratsiyalash
Oliy taʼlimga qabul jarayonida “avval test, keyin tanlov” tamoyiliga oʻtildi. Davlat granti talabalarning iqtidoriga qarab ajratiladigan boʻldi. Moliyaviy mustaqillik berilgan 40 ta oliygohda Registrator ofisi tashkil qilindi. Natijada dekanat va boʻlimlarda shtatlar 20 foizga qisqarib, 30 ta xizmat turi raqamlashdi.
Ushbu tajribadan kelib chiqib, shunday ofislarni boshqa oliy oʻquv yurtlarida ham ochish, taʼlim va ilm-fan xizmatlarini qamrab olgan yagona raqamli tizim joriy etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Amaliyot bilan uygʻunlikni kuchaytirish maqsadida dual taʼlim yoʻlga qoʻyilmoqda. Hozirda 15 ming talaba 957 ta korxonaga biriktirilgan. Lekin korxonalarda bunga qiziqish kam. Shu bois dual taʼlimda ishtirok etayotgan korxonalarni ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar bildirildi.
Yangi universitetlar va maktablar tashkil etish
2024-yil 20-iyunda boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida davlat rahbari har bir hududda texnika oliygohi va ilgʻor muhandislik maktablari tashkil qilish vazifasini qoʻygan edi. Hozirgacha Termiz, Andijon va Qarshida texnika universitetlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, 8 ta muhandislik maktabi ochildi.
Yigʻilishda Nukus, Buxoro, Fargʻona va Namangan texnika universitetlarini tashkil etish loyihalari taqdimot qilindi. Unga koʻra, yangi yoʻnalishlar ochilib, xorijiy dasturlar tatbiq qilinadi, talabalarning ilmiy-innovatsion jarayonlarda ishtiroki kengaytiriladi, oliygohlarga sanoat hamkorlari biriktiriladi. Umuman, bu yoʻnalishdagi 35 ta muassasani yiriklashtirish hisobiga, 22 ta texnika universiteti tashkil qilinadi. Shu yil oxirigacha yana 17 ta muhandislik maktabi ochiladi.
Pedagoglarning ilmiy salohiyati va kasbiy mahoratini oshirish
Soʻnggi yillarda oliy oʻquv yurtlarida ilmiy salohiyat 41 foizdan 45 foizga oshgan. Lekin, aksariyat ilmiy tadqiqotlar sanoat va ishlab chiqarishdagi zamonaviy tendensiyalarni qamrab olmayapti.
Shu bois doktorantura kvotasini taqsimlashda iqtisodiyotning drayver sohalariga ahamiyat qaratish, ilmiy daraja va unvonlar olish tartibini takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Pedagoglar kasbiy mahoratini oshirishni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Yoshlar tarbiyasi
Yoshlar tarbiyasida axloq va sport ham muhim. Bu borada “Besh tashabbus”, “Maʼrifat ulashib”, “Talabalar sport ligasi”, “Zakovat” kabi harakatlar yoʻlga qoʻyilgan. Bunday maʼnaviy-maʼrifiy, sport va intellektual loyihalar bilan talabalarni toʻliq qamrab olish, yoshlarda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish tadbirlari yuzasidan axborot berildi.