23-yanvar kuni Oʻzbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva UNICEF, UNESCO, UNDP, IHRT, Jahon banki va boshqalar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Bu haqda u oʻzining Telegram kanalida maʼlum qildi.
“Xalqaro taʼlim kuni arafasida men Oʻzbekistonning bu yoʻnalishdagi islohotlari samarasini, muvaffaqiyatlarini faxr bilan eʼtirof etmoqchiman. Biz taʼlim — farovonlik poydevori ekaniga qatʼiy ishonamiz va har bir bola uchun oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish imkoniyatini taʼminlashga intilamiz. Bugun xalqaro hamkorlarimiz — UNICEF, UNESCO, UNDP, IHRT, Jahon banki va boshqalar bilan muhim uchrashuv oʻtkazdik”, — deyiladi xabarda.
Prezident yordamchisining aytishicha, uchrashuvda innovatsiyalar, zamonaviy metodikalar va jahon tajribasiga asoslangan yangi taʼlim yondashuvlarini muhokama qilingan.
“Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz natijasida sifatli taʼlim olish imkoniyatidan barcha erkin foydalanishi uchun zarur sharoit yaratishga erishamiz”, — deya xulosa qildi Mirziyoyeva.