Shayxontohur tumanidagi umumtaʼlim maktabida 11-sinf oʻquvchisida sil kasalligi qayd etildi. Tashxis oʻtgan yilning 26-dekabr kuni qoʻyilgan, shundan soʻng maktab oʻquvchisi ixtisoslashtirilgan bolalar fizioterapevtik shifoxonasiga yotqizilgan.
Joriy yilning 4-yanvaridan boshlab bemor bilan muloqotda boʻlgan 22 nafar oʻquvchi va 30 nafar pedagoglar rentgen va diaskintest kabi zarur tekshiruvlardan oʻtkazildi. Kasalligi aniqlangan oʻquvchi ambulator sharoitda davolanishni davom ettirmoqda. Epidemiologik tekshiruv davomida mutaxassislar uning oila aʼzolarini ham tekshirgan, biroq ularda kasallik tasdiqlanmagan.
Sanitariya qoʻmitasi maktabda sanitariya qoidalari buzilishi, jumladan, kasallikni oʻz vaqtida aniqlamaslik va oʻqituvchilarni muntazam tibbiy koʻrikdan oʻtkazmaslik holatlarini aniqladi. Tekshiruv natijasida taʼlim muassasasi direktori nomiga maʼmuriy bayonnoma tuzildi.
Bemor bilan muloqotda boʻlgan barcha oʻquvchilar va maktab xodimlari maxsus tekshiruvdan oʻtkazilib, kasallanish holatlari aniqlanmadi. Belgilangan qoidalarga koʻra, takroriy tekshiruv olti oydan keyin oʻtkaziladi.
Sanitariya qoʻmitasi vahima uchun hech qanday sabab yoʻqligini taʼkidlaydi: vaziyat toʻliq nazorat ostida.