Oʻzbekiston va Ispaniya: Umid Shodiyev Madridda nima haqida kelishib oldi?

O‘zbekiston

26-yanvar kuni Madridda FITUR sayyohlik koʻrgazmasi yakunlandi. Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shodiyev Ispaniya turizm ekspertlari uyushmasi prezidenti, International French Travel Market kompaniyasi direktori va hatto “Atletiko Madrid” futbol klubi vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Yil davomida Oʻzbekistonga Ispaniyadan sayyohlar oqimi bir yarim barobardan ziyod koʻpaydi.

Foto: Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati

Bugun, 26-yanvar kuni Ispaniyada FITUR sayyohlik koʻrgazmasi yakunlandi, uning doirasida Madriddagi “Ifema” koʻrgazmalar markazida Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻz sayyohlik imkoniyatlarini namoyish etdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibiga Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shodiyev, Oliy Majlis Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev hamda Oʻzbekistonning Ispaniyadagi elchisi Farrux Tursunov kirdi.

Ushbu muhim tadbir dunyoning turli mamlakatlaridan turizm sohasi mutaxassislari va sayohat ishqibozlarini birlashtirdi. Delegatsiya tarkibiga Oʻzbekistonning “Rocket DMC”, “Orient star group”, “Sonder Voyage,” “Uzbekistan Discovery”, “Zamin travel”, “El mundotour”, “Olympic tour”, “Advantour”, “Asialux Travel”, “Dolores,” “Samarcanda adventures” kabi yirik sayyohlik kompaniyalari vakillari kirdi.

Oʻzbekiston milliy stendida Oʻzbekiston kompaniyalarining yangi yoʻnalishlar va turpaketlarni oʻz ichiga olgan turistik mahsulotlari namoyish etilmoqda. Maqsad - mamlakatimiz salohiyatini xorijda ommalashtirish va xorijiy sayyohlar oqimini koʻpaytirish.

Koʻrgazmada oʻzbek milliy musiqasi, folklori va raqslari keng ommalashdi. Shuningdek, Oʻzbekistonning boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyatini targʻib qiluvchi materiallar taqdim etildi.

Delegatsiya xalqaro turoperatorlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan B2B va B2G uchrashuvlarini faol oʻtkazdi. Shuningdek, xorijiy delegatsiyalar rahbarlari va jahon sayyohlik sanoati vakillari bilan muzokaralar oʻtkazildi.

24-yanvar kuni Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev Ispaniya turizm ekspertlari uyushmasi (AECIT) prezidenti doktor Felio Xose Bauza Martorrell bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Foto: Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati

Uyushma turizm sohasidagi mutaxassislar va olimlarni birlashtirib, tadqiqotlar, ilmiy ishlanmalar va tajriba almashishni faol qoʻllab-quvvatlaydi.

Uchrashuvdan koʻzlangan maqsad Ispaniyada Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib qilish, turizmni barqaror rivojlantirish, zamonaviy taʼlim dasturlarini joriy etish boʻyicha tajriba almashish, shuningdek, turizm sohasida qoʻshma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish boʻyicha hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat boʻldi.

Keyinchalik IFTM (International French Travel Market) xalqaro kompaniyasi direktori Lorans Gaborio bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Foto: Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati

Uchrashuvdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistonning turizm salohiyatini Yevropa mamlakatlarida targʻib qilish sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat boʻldi.

Muzokaralar chogʻida Oʻzbekistonga press-turlar tashkil etish, turli xalqaro ommaviy axborot vositalari orqali mamlakatimizning obroʻ-eʼtiborini oshirish, shuningdek, Oʻzbekistonning Yevropadagi yirik sayyohlik tadbirlarida ishtirok etishi masalalari muhokama qilindi.

Taʼkidlash joizki, IFTM xalqaro turizmni rivojlantirishda asosiy rol oʻynaydi, mamlakatlarga oʻz turistik xizmatlarini samarali targʻib qilish va yangi sayyohlarni jalb qilish imkonini beradi.

Uchrashuv natijalariga koʻra, Umid Shodiyev Oʻzbekistonni noyob sayyohlik yoʻnalishi sifatida targʻib qilishga qaratilgan tadbirlar ustida birgalikda ishlashga kelishib oldi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi rahbari “Atletiko Madrid” futbol klubi vakillari bilan uchrashdi. Ushbu klubdan respublikaning taniqliligini oshirish uchun foydalanish taklif qilindi.

Foto: Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati

Shuningdek, mamlakatning boy madaniy va tarixiy merosini ommalashtirishga xizmat qiladigan qoʻshma targʻibot-tashviqot kampaniyalari muhokama qilindi.

Eslatib oʻtamiz, 2024-yilda Oʻzbekistonga 10,2 mln xorijlik tashrif buyurgan. Sayyohlar oqimi 2023-yilga nisbatan 1,5 barobarga oshgan. Oʻtgan yil davomida Xitoydan kelgan sayyohlar soni 1,8 barobar, Italiyadan — 1,5 barobar, Hindistondan — 1,6 barobar oshdi. Germaniyadan Oʻzbekistonga sayyohlar oqimi 1,2 barobarga, Turkiyadan 1,4 barobarga, Janubiy Koreyadan 14 foizga oshdi.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili Oʻzbekistonga Ispaniyadan 24 mingga yaqin, 2023-yilda esa 15 mingga yaqin sayyoh kelgan.

Eslatib oʻtamiz, “FITUR” xalqaro turizm koʻrgazmasi Madriddagi “Ifema” koʻrgazmalar markazida muntazam oʻtkazib kelinadi. Har yili koʻrgazmada turizm sohasining barcha segmentlari vakillari: turoperatorlar, sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar, tashuvchilar, turizm boʻyicha ofislar, xizmat koʻrsatuvchi kompaniyalar va boshqalar ishtirok etadi.

Oʻzbekiston “FITUR” xalqaro koʻrgazmasida 2005-yildan buyon ishtirok etib kelmoqda. Ushbu nufuzli tadbir Oʻzbekistonning Yevropadagi ustuvor sayyohlik yoʻnalishi sifatida ilgari surilishi va sayyohlar oqimini koʻpaytirish uchun yangi platformaga aylandi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.