Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-yanvar kuni Toshkent viloyatidagi “Amirsoy” kurort majmuasida Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov bilan norasmiy uchrashuv oʻtkazdi.
Yetakchilar ikki tomonlama kun tartibining dolzarb masalalari, shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlik yuzasidan fikr almashdi.
Qirgʻiziston prezidenti togʻ-changʻi turistik majmuasida yaratilgan sharoitlar va zamonaviy infratuzilmani yuqori baholadi.
Davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Qirgʻizistondagi noyob geolandshaft va tabiiy xilma-xillikni hisobga olgan holda kurort-rekreatsiya markazlarini yaratishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni ilgari surishga kelishib oldilar.