Surxondaryoda pora bilan qoʻlga olingan hokim yordamchisi axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi

O‘zbekiston

Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida sud pora olayotganda qoʻlga olingan hokim yordamchisini axloq tuzatish ishlariga hukm qildi. Mansabdor shaxs fuqaroga 33 million soʻmlik ikkita imtiyozli kredit olishda koʻmaklashishni vaʼda qilgan.

Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida hokim yordamchisi 33 million soʻmlik ikkita imtiyozli kreditni rasmiylashtirishda yordam berish evaziga 4,5 million soʻm pora olayotgan paytda qoʻlga olindi. Bu haqda “Zamon” koʻrsatuvi xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, “Yakkaterak” mahallasida ishlagan hokim yordamchisi fuqaroga 33 million soʻmlik ikkita imtiyozli kredit olishda koʻmaklashishni vaʼda qilgan. Buning evaziga u 4,5 million soʻm pora talab qilgan.

Qiziriq tumani jinoyat ishlari boʻyicha sudi hukmiga koʻra, ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Xizmat mavqeyidan foydalanib firibgarlik qilish) 3-qismi “v” bandi hamda 45-moddasi bilan aybdor deb topildi. Unga 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, unga rahbarlik va moddiy javobgarlik bilan bogʻliq lavozimlarni egallash taqiqlandi, shuningdek, daromadlarining 20 foizini davlat foydasiga ushlab qolish belgilandi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.