Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati 24-yanvar kuni “yoʻl bezoriligi” uchun javobgarlikni joriy etuvchi qonunni maʼqulladi. Ushbu tushuncha agressiv boshqarish, drift, “shaxmat” harakati, yoʻllarda toʻsiqlar yaratish va boshqa shu kabi harakatlarni oʻz ichiga olgan haydash qoidalarini buzishni anglatadi.
Qonunga koʻra, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga yangi 128−9-modda qoʻshiladi, unda “yoʻl bezoriligi” quyidagicha taʼriflanadi:
boshqa avtomobillar harakatiga qasddan toʻsqinlik qilish,
zarurat boʻlmaganda bir yoʻnalishda harakat polosasini bir necha marta (uch va undan ortiq marta) keskin oʻzgartirish,
yoʻl harakati qatnashchilarining xavfsizligiga tahdid solish,
boshqa haydovchilarga nisbatan hurmatsizlikni ifodalovchi namoyishkorona harakatlar.
Bu kabi huquqbuzarliklar uchun 1 yildan 2 yilgacha muddatga haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish va bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari (9,375 mln soʻm) miqdorida jarima solish koʻzda tutilgan. Agar qoidabuzarlik haydovchilik guvohnomasisiz yoki undan mahrum qilingan shaxs tomonidan sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosi tayinlanadi.
Qonun Oʻzbekiston prezidenti tomonidan imzolangandan soʻng kuchga kiradi.
2019-yilda IIV MJTga “yoʻl bezoriligi” haqidagi moddani kiritishni taklif qilgan edi, ammo oʻshanda gap faqat jarimalar haqida edi.
Xuddi shu qonun doirasida senatorlar yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima ballarini hisoblash hamda mast holda yoki huquqdan mahrum etilgan holda takroran avtomobil boshqarganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish tizimini ham tasdiqladilar.