Kaliforniya AQSHdan chiqish tashabbusi uchun imzo toʻplay boshlaydi

Dunyo

Kaliforniya hukumati shtatning 2028-yilda ovoz berishga qoʻyilishi mumkin boʻlgan AQSH tarkibidan chiqish tashabbusi uchun imzolar yigʻishni maʼqulladi. Masalani ilgari surish uchun 500 mingdan ortiq imzo toʻplash talab etiladi va agar koʻpchilik saylovchilar gʻoyani qoʻllab-quvvatlasa, shtat mustaqilligi imkoniyatlarini oʻrganish uchun komissiya tuziladi.

Foto: usa.oceana.org

Kaliforniya hukumati 2028-yilda shtatning AQSHdan chiqishi uchun ovoz berishga olib kelishi mumkin boʻlgan faol Markus Evans tomonidan taklif qilingan “Calexit” tashabbusini qoʻllab-quvvatlash uchun imzolar toʻplashni boshlashga ruxsat berdi.

Shtat kotibi Shirli Veber tashabbusni ilgari surish uchun iyul oyi oxirigacha 500 mingdan ortiq imzo toʻplash kerakligini eʼlon qildi. Savol byulletenga kiritilishi uchun saylovda kamida 50 foiz saylovchi ishtirok etishi va 55 foizi “yoqlab” ovoz berishi kerak.

Tashabbus doirasida shtat 2027-yilda Kaliforniya mustaqilligining imkoniyatlarini baholaydigan va hisobot tayyorlaydigan komissiya tuzadi. 2028-yil noyabr oyida Kaliforniya AQSHdan chiqib, mustaqil davlatga aylanishi kerakmi, degan savol byulletenga chiqariladi.

Agar tashabbus maʼqullansa, bu “AQSHga ishonchsizlik votumi” degan maʼnoni anglatadi, ammo shtat hukumati yoki uning federatsiya bilan munosabatlarida oʻzgarishlarga olib kelmaydi. Biroq bu AQSH bayrogʻini davlat binolaridan olib tashlashni talab qiladi. Ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun saylovni tashkil etish va komissiyani tuzish uchun 10 million dollar, shuningdek, uning faoliyati uchun har yili 2 million dollar sarflanadi.

Aholisi qariyb 40 million kishi va yalpi hududiy mahsuloti 3,9 trillion dollarni tashkil etadigan Kaliforniya dunyodagi eng yirik iqtisodiyotlardan biri boʻlib, yiliga 560 milliard dollar soliq yigʻadi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.