“Enter Engineering” qurilish kompaniyasida ishlagan Rossiya fuqarosi Ilya Puts Chilonzor tumani bandlik boʻlimiga murojaat qilib, 2024-yil iyun-noyabr oylari uchun toʻlanmagan ish haqini olgan. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi maʼlumotlariga koʻra, toʻlov miqdori 57 ming dollarni tashkil etgan.
Ilya Puts Fargʻona neftni qayta ishlash zavodini (FNQIZ) modernizatsiya qilish loyihasiga rahbarlik qilgan, uning doirasida 2024-yil may oyida kimyoviy tozalangan suv va suv bugʻi ishlab chiqarish qurilmasida ishlar yakunlangan. 24 million dollarlik qurilma Enter Engineering tomonidan qurilgan va Italiyaning Macchi va Ukrainaning “Texnoximreagent” uskunalari bilan jihozlangan. U zavod ehtiyojlarini qondirish va energiya resurslari xarajatlarini optimallashtirish uchun moʻljallangan.
Enter Engineering va Sanoat Energetika Guruhi (Saneg) neft-gaz kompaniyasi Oʻzbekistondagi eng yirik soliq toʻlovchilardan biri hisoblanadi. Shunga qaramay, vaqt-vaqti bilan xodimlarning ish haqi kechikishi haqida xabarlar paydo boʻlmoqda.