Farmatsevtika sohasini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, shuningdek, biologik faol qoʻshimchalar (BFQ) va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan “Farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi prezident farmoni (PF-13-son, 28.01.2025) imzolandi.
Yangi vazifalar va tashabbuslar
Farmonga koʻra, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligiga BFQ va kosmetika sanoatini faol rivojlantirish, bozorni oʻrganish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga koʻmaklashish va korxonalarda ilgʻor xalqaro standartlarni joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, vazirlik mahalliy hokimliklar bilan birgalikda hududlarda investitsiya loyihalarini monitoring qilish va hisobga olish bilan shugʻullanadi.
Yana bir yoʻnalish — farmatsevtika sohasini raqamlashtirish, shu jumladan tarmoq samaradorligini oshirish uchun axborot dasturlarini joriy etish.
2025-yil yakuniga qadar Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi laboratoriyasi Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan qayta malakalanish jarayonidan oʻtadi. Bu dori vositalarining sifatini nazorat qilish va xalqaro bozorda raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.
Innovatsiyalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash
Istiqbolli loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun quyidagilar tashkil etiladi:
Biofarmatsevtika, hujayra texnologiyalari va onkologiya sohasidagi startaplarni moliyalashtirish bilan shugʻullanadigan venchur fondi;
Innovatsion farmatsevtika ishlanmalarini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan investitsiya fondi.
2025-yil 1-iyulga qadar mamlakatda 5 ta namunali dorivor oʻsimliklar plantatsiyalari tashkil etiladi. 2026-yil yakuniga qadar esa ular negizida yetishtirilgan xomashyoni qayta ishlash loyihalari ishga tushiriladi, bu esa mahalliy tabiiy preparatlar assortimentini kengaytirishga yordam beradi.
Marketing markazini tashkil etish
Tarmoq korxonalarini qoʻllab-quvvatlash uchun marketing va konsalting xizmatlari, shuningdek, ishlab chiqarishga ilgʻor standartlarni joriy etish bilan shugʻullanadigan “Pharm Service” davlat muassasasi tashkil etiladi.
Koʻrilgan chora-tadbirlar Oʻzbekiston farmatsevtika sanoatini rivojlantirishni jadallashtirish, uning xalqaro mavqeini mustahkamlash va innovatsion loyihalarga investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan.