Oʻzbekiston 2027-yildan boshlab kartoshkaga boʻlgan ehtiyojni toʻliq ichki ishlab chiqarish hisobiga taʼminlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda prezident boshchiligidagi yigʻilishda maʼlum qilindi, unda tomorqa va ijaraga olingan yerlarda daromadli ekinlar yetishtirishning yangi tizimi muhokama qilindi.
Hozirgi kunda 290 ming gektarda kartoshka yetishtirilib, uning bir qismi import hisobidan qoplanmoqda. Buning asosiy sabablari navlarning sifatsizligi va hosildorlikning pastligidir. Bu muammoni hal etish uchun Kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutiga mahalliy iqlimga mos, serhosil navlarni yaratish, “in-vitro” texnologiyasidan foydalanib, 3 million dona tuganak tayyorlash vazifasi qoʻyildi.
2024-yilda kartoshkachilikni rivojlantirish uchun Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasidan 400 milliard soʻm ajratiladi. Shuningdek, import qilinadigan urugʻlik kartoshka uch yil davomida bojxona bojidan ozod qilinadi.