Oʻzbekistonda 2024-yilda eng koʻp shikoyat qilingan marketpleyslar maʼlum qilindi

O‘zbekiston

2024-yilda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga marketpleyslar ustidan 1 ming 300 ta shikoyat kelib tushgan. Koʻpincha oʻzbekistonliklar maishiy texnika nuqsonlariga duch kelishdi va murojaatlar soni boʻyicha Uzum Market yetakchi boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi elektron tijorat bilan bogʻliq murojaatlarni sarhisob qildi. 2024-yilda idoraga 1 ming 300 ta shikoyat kelib tushgan boʻlib, ularning 77,9 foizi maishiy texnikaga tegishli. Norozilikning asosiy sababi tovarlarning kamchiliklari boʻldi.

Uzum Market marketpleysidan oʻzbekistonliklar eng koʻp shikoyat qilishgan (barcha murojaatlarning 39,6%). Roʻyxatga Alif Shop (9,9 foiz), Uzum Nasiya (6,5 foiz), ZoodMall (6 foiz), Asaxiy.uz (3,8 foiz), IDEA (2,5 foiz), Hopshop (2,1 foiz) va 100K.uz (2,1 foiz) ham kirdi.

Shu bilan birga, shikoyatlarning 81,9 foizi xaridorlar foydasiga hal etilgan, 14,3 foiz hollarda isteʼmolchilarga tushuntirishlar berilgan, murojaatlarning 1,3 foizi esa vakolatli organlarga yuborilgan. Natijada 423 nafar fuqaroning huquqlari himoya qilinib, 88,9 mln soʻm kompensatsiya toʻlandi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.