Rossiyada migrantlar bolalarini maktabga qabul qilish uchun hujjatlar roʻyxatini yangilash taklif qilindi

Dunyo

Rossiya Taʼlim vazirligi migrantlar farzandlarini maktabga qabul qilish talablarini kuchaytirishni taklif qildi. Yangi qoidalar 2025-yil 1-apreldan kuchga kiradi va 2026-yil 1-martgacha amal qiladi.

Foto: Vaziyatga oid / ТАСС

Rossiya Federatsiyasi Taʼlim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan hujjatlarning yangi roʻyxatiga muvofiq, chet el fuqarolari farzandlarining maktabga kirishi uchun ularning Rossiyada qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek, rus tili boʻyicha imtihon natijalari taqdim etilishi kerak, deb yozadi RIA Novosti. Bu talablar oʻtgan yili qonunchilikka muvofiq joriy etilgan edi.

Bundan tashqari, maktabga kirishda bolada atrofdagilar uchun xavf tugʻdiradigan yuqumli kasalliklar yoʻqligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish kerak. Shuningdek, bolaning daktiloskopik roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi hujjatlarni taqdim etish talab etiladi.

Bolaning ota-onasi yoki qonuniy vakillari STIR va SNILS, bolaning oʻzi esa SNILS va shaxsni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi kerak.

Ushbu tartibning 26-bandida koʻrsatilgan hujjatlarning toʻliq toʻplami taqdim etilmagan taqdirda, taʼlim tashkiloti arizani koʻrib chiqmasdan qaytarishi kerak boʻladi.

Biroq, prezidentning “Rossiyaning anʼanaviy maʼnaviy-axloqiy qadriyatlariga sherik boʻlgan shaxslarni insonparvarlik yordami bilan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi farmonida belgilangan xorijiy davlatlar diplomatik xodimlarining farzandlari va chet el fuqarolari uchun istisno mavjud.

Yangi qoidalar 2025-yil 1-apreldan kuchga kiradi va 2026-yil 1-martgacha amal qiladi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.