Oʻzbekistonda aholi xonadonlari va korxonalarga quyosh panellari oʻrnatish boʻyicha keng koʻlamli dastur amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh prokuror oʻrinbosari Shohrux Aminovning taʼkidlashicha, 2025-yilga borib xususiy uylar, kichik biznes va ijtimoiy obyektlar energiya isteʼmolining kamida 40 foizi muqobil energiya manbalari hisobidan qoplanishi kerak.
28-yanvar kuni Bosh prokuror oʻrinbosari Yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini muvofiqlashtirish va samarali tashkil etish boʻyicha respublika shtabining kengaytirilgan yigʻilishini oʻtkazdi. Unda yoqilgʻi-energetika resurslarini noqonuniy sarflashning oldini olish va energiyani tejash masalalari muhokama qilindi.
Yigʻilishda 100 mingta obyekt va 150 mingta xonadonga quyosh panellari oʻrnatish rejalashtirilgani maʼlum qilindi. Bu topshiriq prezidentning yigʻilishida berilgan edi. Ushbu vazifani bajarish va uskunalarning oʻrnatilishini nazorat qilish uchun mahalliy hokimliklar, bojxona organlari, “Oʻzenergoinspeksiya”, tijorat banklari, energiya taʼminoti korxonalari va boshqa tuzilmalar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tuziladi.
Guruhlar panellarni oʻrnatish jarayonini monitoring qilish, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish va ishlarni oʻz vaqtida bajarilishini nazorat qilish uchun javob beradi.
Quyosh panellarini oʻrnatishdan tashqari, qoʻshimcha elektr energiyasini tejash manbalarini aniqlash uchun tumanlar boʻyicha grafik ishlab chiqish, yirik isteʼmolchilar uchun reaktiv quvvat kompensatsiyasi qurilmalarini oʻrnatish, hisobga olish tizimlarini ikki bosqichli isteʼmolni nazorat qilish tizimiga oʻtkazish va 400 ta yirik korxonaning energiya auditini oʻtkazish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, nostandart gaz gorelkalarini energiya tejamkorlariga almashtirish rejalashtirilgan.