Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi “Fargʻona aeroporti” bojxona posti xodimlari tomonidan zargarlik buyumlarini noqonuniy olib kirishga urinish holatlari bartaraf etildi.
Istanbuldan Fargʻonaga aviaqatnov bilan kelgan fuqaro bojxona nazoratidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan tovarlar yoʻqligini maʼlum qilib, yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirmagan holda “yashil yoʻlak”dan oʻtgan.
Biroq uning xatti-harakati bojxona xodimlarida shubha uygʻotdi. Qoʻl yuki tekshirilib, shaxsiy koʻrikdan oʻtkazilganda, undan qiymati 483 mln soʻmlik, umumiy ogʻirligi 620 g boʻlgan qimmatbaho metallardan yasalgan 105 dona zargarlik buyumlari topilgan. Zargarlik buyumlarining bir qismi sumkada, bir qismi yoʻlovchi tanasida edi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.