Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Malayziyada boʻladi

O‘zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4−5-fevral kunlari Malayziyaga rasmiy tashrif bilan boradi. Davlat rahbari bosh vazir Anvar Ibrohim bilan muzokaralar oʻtkazadi, Malayziyaning yetakchi kompaniyalari top-menejerlari bilan uchrashadi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan 4−5-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻladi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Kuala-Lumpurda bosh vazir Anvar Ibrohim bilan muzokaralar, Malayziyaning yetakchi kompaniyalari top-menejerlari bilan uchrashuvlar, qoʻshma biznes-forum va boshqa tadbirlarda ishtirok etish rejalashtirilgan.

Tomonlar Oʻzbekiston–Malayziya munosabatlarini, jumladan, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, texnologik kooperatsiya, neft-kimyo, elektronika, “yashil” energetika, “aqlli” qishloq xoʻjaligi, turizm va boshqa yoʻnalishlarda chuqurlashtirish masalalarini muhokama qiladi. Madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Sammit yakunida ikki davlat oʻrtasidagi keng koʻlamli sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma bayonot va bitimlar toʻplamini qabul qilish rejalashtirilgan.

Malayziyaga tashrif arafasida tahliliy markazlar va tadqiqot tuzilmalari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Yaqin kunlarda Oʻzbekistonning turizm salohiyati va madaniy merosi taqdimotlari, ikki mamlakat yetakchi oliy taʼlim muassasalari rektorlari forumi va boshqa tadbirlar oʻtkaziladi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.