2024-yilda Oʻzbekistonda 12 milliondan ortiq kiberhujumga urinish qayd etilgan boʻlsa, 2023-yilda bu koʻrsatkich 11 millionni tashkil etgan. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi Kun.uzʼga maʼlum qildi.
Idora maʼlumotlariga koʻra, 2024-yilda firibgarlikka oid arizalar soni 2023-yilga nisbatan 34 foizga oshgan. Barcha murojaatlarning qariyb 35 foizi toʻlov kartalari bilan firibgarlikka toʻgʻri keladi.
Firibgarlik koʻpayishining asosiy sabablaridan biri bank kartalaridan foydalanuvchilar sonining koʻpayishidir. Yil boshida ularning soni 40 milliondan kam boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunga kelib 55 milliondan oshdi.
“Kiberfiribgarlik natijasida oʻgʻirlangan mablagʻlarni qaytarish va jinoyatchilarni aniqlash juda qiyin. Jinoyatchilarni aniqlash jarayoni murakkablashmoqda, chunki firibgarlik dunyoning istalgan nuqtasida sodir etilishi mumkin”, — deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, firibgarlikning asosiy toʻlqini pandemiyadan keyin, odamlar onlayn xizmatlardan faol foydalana boshlaganida kuchaygan. Ilgari firibgarlik harakatlarining aksariyati telefon qoʻngʻiroqlari orqali sodir etilgan, bunda jinoyatchilar oʻzlarini bank xodimlari deb tanishtirishgan.
Hozirda murojaatlarning aksariyati Telegram messenjeridagi APK fayllari orqali tarqatilayotgan virusli dasturlar bilan bogʻliq. Foydalanuvchilar nomaʼlum fayllarni yuklab, ularni foydali ilovalar deb oʻylashgan. Oʻrnatilgandan soʻng, bunday dasturlar SMS, telefon qoʻngʻiroqlari va telefon raqamlariga kirish kabi muhim ruxsatnomalarni soʻradi. Olingan maʼlumotlar jinoyatchilar serveriga joʻnatilardi.