Oʻzbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Barqaror rivojlanishga koʻmaklashish markazi bilan hamkorlikda mamlakatda plastik chiqindilarni xatlovdan oʻtkazdi. Bu ish “Chekka va togʻli hududlarda plastik chiqindilar” loyihasi doirasida amalga oshirildi, deya xabar berdi Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.
Loyiha Bazel, Rotterdam va Stokgolm (BRS) konvensiyalari, atrof-muhit va inson salomatligini xavfli kimyoviy moddalar va chiqindilar taʼsiridan himoya qilishga qaratilgan xalqaro bitimlar kotibiyati koʻmagida amalga oshirilmoqda.
Plastmassa oʻzining chidamliligi va arzonligi tufayli talabgir boʻlib qolmoqda va uning qoʻllanilishi turli sohalarni — qadoqlash va toʻqimachilikdan tortib, qurilish va tibbiyotgacha qamrab oladi. Biroq aynan shu xususiyatlar ekologik inqirozning chuqurlashishiga sabab boʻldi, deyiladi vazirlik xabarida.
Oʻzbekistonda plastik chiqindilar muammosini iqtisodiyotning jadal oʻsishi, faol urbanizatsiya va plastikdan keng foydalanadigan tarmoqlarning rivojlanishi kabi omillar murakkablashtirmoqda.
Plastik chiqindilarni inventarizatsiya qilish chiqindilar holatini baholash va boshqarish strategiyalarini ishlab chiqishning asosiy vositalaridan biridir. “Ushbu jarayon bozorga kirib kelayotgan plastmassa hajmini aniqlash, undan foydalanish va qayta ishlash yoʻllarini, shuningdek, chiqindilar hosil boʻlish koʻlamini tahlil qilish imkonini berdi. Amalga oshirilgan ishlar vaziyatni oʻrganish va chiqindilarni boshqarish boʻyicha uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqishda muhim qadam boʻldi”, — deya taʼkidladi Ekologiya vazirligi.
Tadqiqot natijalari mamlakat iqtisodiyotida plastikadan foydalanish sezilarli darajada oshganligini koʻrsatdi. Eng katta hajmdagi plastmassa qadoqlash sanoatida isteʼmol qilinadi — 2022-yilda uning ulushi bozorga kiritilgan barcha plastmassalarning 22,1 foizni tashkil etdi. Ikkinchi oʻrinni 24,9 foiz ulush bilan transport tarmogʻi, uchinchi oʻrinni esa 22,2 foiz ulush bilan qurilish tarmogʻi egalladi. Ushbu uchta tarmoq birgalikda Oʻzbekistondagi barcha plastmassalarning 69 foizdan ortigʻini isteʼmol qiladi. Bunday taqsimot plastikadan foydalanishning keng doirasi bilan bogʻliq - bir martalik qadoqlash va transport qismlaridan to uzoq muddatli qurilish materiallarigacha.
Plastik isteʼmolining oʻsishi bilan bir vaqtda chiqindilar hajmi ham ortib bormoqda. 2022-yilda Oʻzbekistonda 249,2 ming tonna plastik chiqindilar hosil boʻldi, bu 2013-yilga nisbatan 147 foizga koʻpdir. Chiqindilarning asosiy manbai qadoqlash boʻlib qolmoqda — uning ulushi 192,1 ming tonnani tashkil etdi. Bu qadoqlash materiallarining xizmat qilish muddati qisqaligi va koʻpincha ishlatilganidan soʻng darhol tashlab yuborilishi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, transport va qurilish sohalarida plastik chiqindilar sekinroq oʻsib bormoqda, chunki bu sohalarda plastik uzoq muddat ishlatiladigan mahsulotlarni yaratish uchun ishlatiladi.
Umuman olganda, har yili mamlakatda 10,2 million tonna qattiq maishiy chiqindilar hosil boʻladi, ularning 10,3 foizini (1,05 million tonna) plastik chiqindilar tashkil qiladi.
Respublikamizning deyarli barcha hududlarida plastik mahsulotlar, jumladan, idish-tovoq va paketlar ishlab chiqaradigan korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ekologiya vazirligining taʼkidlashicha, poliyetilen paketlar va boshqa plastik mahsulotlar aholi orasida keng qoʻllaniladi.
Shu bilan birga, plastik mahsulotlar importi eksportdan sezilarli darajada yuqori. 2023-yilda mamlakatga 487,5 mln dollarlik 158,5 ming tonna plastmassa import qilingan boʻlsa, 90,1 mln dollarlik 47,3 ming tonna eksport qilingan. Plastik mahsulot importi hajmi 2020-yilga nisbatan 54,6%ga oshgan.
Oʻtkazilgan xatlov plastik chiqindilarni samarali boshqarishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolarni aniqladi.
Birinchidan, qayta ishlash infratuzilmasi rivojlanishni talab qiladi. Qayta ishlash korxonalarining cheklangan soni chiqindilarni, ayniqsa, poliyetilen, polipropilen va poliyetilentereftalat (PET) kabi asosiy polimerlarni samarali utilizatsiya qilish imkoniyatini kamaytiradi.
Ikkinchidan, chiqindilarni alohida-alohida yigʻish tizimining yoʻqligi mavjud qayta ishlash quvvatlaridan toʻlaqonli foydalanishni qiyinlashtiradi. Aholi oʻrtasida ekologik xabardorlik darajasining pastligi ham vaziyatni yanada ogʻirlashtiradi: koʻplab fuqarolar chiqindilarni saralashning ahamiyati va atrof-muhitni plastik moddalar bilan ifloslantirishning salbiy oqibatlari haqida yetarlicha maʼlumotga ega emas.
Plastik chiqindilarni samarali boshqarish uchun qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantirish zarur, deb hisoblaydi Ekologiya vazirligi. Qayta ishlash korxonalarining, ayniqsa, poliyetilen, polipropilen va PETni qayta ishlash korxonalarining sonini koʻpaytirish chiqindixonalarga tushadigan chiqindilar hajmini sezilarli darajada qisqartirish va qayta ishlashdan olinadigan iqtisodiy foydani oshirish imkonini beradi.
Chiqindilarni alohida yigʻish tizimini rivojlantirish qayta ishlanayotgan xomashyo sifatini yaxshilashga, saralash xarajatlarini kamaytirishga va qayta ishlash jarayonini tezlashtirishga yordam beradi.
Bundan tashqari, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish muhim ahamiyat kasb etadi. Buning uchun ham axborot dasturlari, ham amaliy tashabbuslarni oʻz ichiga olgan taʼlim kampaniyalarini oʻtkazish kerak, masalan, maktablar va korxonalarda chiqindilarni saralash dasturlarini joriy etish.
Zarur chora-tadbirlar orasida qonunchilik bazasini takomillashtirish ham ajratib koʻrsatilgan boʻlib, u quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
plastikni qayta ishlashga majburiy kvotalar va bir martalik mahsulotlardan foydalanishga cheklovlar joriy etish;
tarkibida zararli kimyoviy moddalar va boʻyoqlar boʻlgan plastik buyumlar va oʻrovlarni ishlab chiqarish hamda import qilishni bosqichma-bosqich taqiqlash;
ishlab chiqaruvchilar va importchilarning kengaytirilgan javobgarligi tizimini joriy etish;
plastik mahsulotlar oʻrnini bosa oladigan bioparchalanuvchi, qogʻoz, toʻqimachilik va ip-gazlama tovarlari kabi ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash.
Ekologiya vazirligining fikricha, qayta ishlash tarmogʻiga investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish sohani rivojlantirishni tezlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish imkonini beradi.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonda vaziyatni yaxshilash choralari koʻrilmoqda: chiqindilarni alohida yigʻish joriy etilmoqda, plastik mahsulotlarning ayrim turlarini ishlab chiqarish va ulardan foydalanishga cheklovlar kiritilmoqda, qayta ishlash quvvatlari kengaytirilmoqda.