Andijon viloyatida bir erkak 13 yoshli qoʻshni qiz bilan jinsiy aloqa qilmoqchi boʻlgan va buning uchun faqatgina besh sutkaga maʼmuriy qamoqqa olingan. Bu haqda Nemolchi.uz xabar berdi.
Maʼlumotlarga koʻra, oʻsha kuni qoʻshni ayol qizni uyiga olib kelib, eri bilan jinsiy aloqada boʻlishini aytgan. Ayol, shuningdek, oʻsmir “hech narsani koʻrmasligi va ogʻriqni sezmasligi” uchun koʻzini bogʻlab qoʻyishini aytgan va buning evaziga 50 ming soʻm taklif qilgan.
Qizcha rad etgach, suhbatga Bahodir Ortiqov aralashib, agar u rozi boʻlsa, 100 ming soʻm berishini aytgan. Qizcha qoʻrqib ketib, qochib ketgan.
Sudya Azizbek Begmatov raisligidagi birinchi instansiya sudi Bahodir Ortiqov va uning xotini harakatlarini Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi “Jinsiy shilqimlik” bilan kvalifikatsiya qilib, unga 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosi, xotiniga esa davlat foydasiga 750 ming soʻm jarima tayinlagan.
NeMolchi.uz loyihasida taʼkidlanishicha, voyaga yetmaganlar bilan jinsiy aloqa qilishga urinishlar maʼmuriy emas, balki Jinoyat kodeksi bilan tartibga solinadi. Bunday hollarda odatda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi (“Nomusga tegish”), shuningdek jinoyatga tayyorgarlik koʻrish va ishtirokchilik toʻgʻrisidagi moddalar qoʻllaniladi. Biroq, ushbu ish boʻyicha jinoiy taʼqib qoʻzgʻatilmagan.