2025-yilda 5,2 million aholini ish bilan taʼminlash rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholini ish bilan taʼminlash va investitsiyalarni jalb qilish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi. Joriy yilda 5,2 million aholining bandligini taʼminlash, 1,5 million kishini kambagʻallikdan chiqarish rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni aholi bandligi va investitsiyalarni jalb qilish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, joriy yilda 5,2 million aholining bandligini taʼminlash, 1,5 million kishini kambagʻallikdan chiqarish, 42 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish va eksportni 30 milliard dollardan ziyodga yetkazish rejalashtirilgan. Yigʻilishda boshlangan ishlar va dastlabki natijalar boʻyicha hisobotlar taqdim etildi.

Qayd etilganidek, yanvar oyida 277 ming fuqaro ish bilan taʼminlandi, shundan 91 ming nafari doimiy ish bilan taʼminlandi, 153 ming nafari tadbirkorlik faoliyatiga jalb etildi.

Kambagʻallikni qisqartirish uchun 32 ta yoʻnalishda yangicha yondashuvlar joriy etilmoqda. Yaqinda vazirlik va hokimliklardan bir guruh mutaxassislar tajriba almashish uchun Xitoyga tashrif buyurdi. Endi aholi daromad topishiga koʻmaklashish uchun joylardagi imkoniyatlar tushuntiriladi.

Ish oʻrinlarini yaratish toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar bilan bogʻliq. Joriy yilda umumiy qiymati qariyb 14 milliard dollarlik 8 mingta loyiha amalga oshirilib, 272 mingta doimiy ish oʻrni yaratiladi.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan oyda Oʻzbekistonga 3 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar kirib kelgan. Fevral oyida xuddi shunday hajmdagi investitsiyalarni jalb qilish va 623 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Yigʻilishda loyihalar ustida maqsadli ishlash va surʼatni sezilarli darajada oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Yil boshidan buyon eksport hajmi 1,3 milliard dollarga yetdi. Mutasaddilarga xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, tadbirkorlarni tashqi bozorlarga chiqishida qoʻllab-quvvatlash, yangi korxonalarni eksport faoliyatiga jalb etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.