Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni transport infratuzilmasining yirik loyihalari, jumladan, Toshkent – Andijon muqobil avtomobil yoʻli qurilishi boʻyicha hisobot bilan tanishdi.
Loyiha Jahon banki koʻmagida ishlab chiqilgan. Magistral uzunligi 314 kilometrni tashkil etadi. Yangi avtomobil yoʻlining joriy etilishi nafaqat harakatni tezlashtiradi, balki mamlakat yalpi ichki mahsulotini 2,6 foizga oshirish, shuningdek, yoʻl-transport hodisalari sonini 40 foizga kamaytirish imkonini beradi.
Yaqinda loyihani amalga oshirish uchun yetakchi xorijiy kompaniyalarda qiziqish uygʻotgan xalqaro tender eʼlon qilindi.
Yigʻilishda nafaqat ushbu yoʻl, balki boshqa istiqbolli muqobil yoʻllar ham muhokama qilindi. Davlat rahbari Transport vazirligiga yuklangan yoʻnalishlarni qurish, yoʻllar sifatini yaxshilash, turli pulli xizmatlarni joriy etish boʻyicha qoʻshimcha loyihalar ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berdi.