Uzcard toʻlov tizimini boshqaradigan Yagona umumrespublika protsessing markazida ijrochi direktor almashdi. Kompaniya saytida maʼlum qilinishicha, 30-yanvardan boshlab Olimjon Zokirov ushbu lavozimni tark etib, UCMG boshqaruv kompaniyasiga oʻtgan va u yerda tijorat direktori lavozimini egallagan.
Endi Uzcard manfaatlarini UCMG bosh direktori David Melikidze ifodalaydi, chunki aynan ushbu kompaniya YUPMda ijroiya organi vazifasini bajaradi. Kompaniya oʻzgarishlar toʻlov tizimining ishlashiga taʼsir qilmasligini taʼkidladi.
Olimjon Zokirov 2022-yilning kuzida Farrux Ziyoyev oʻrniga Uzcardʼga rahbarlik qilib kelayotgandi. Bungacha u 2019-yildan buyon kompaniyada rahbarlik lavozimlarida ishlagan, shuningdek, moliyaviy texnologiyalar boʻyicha bosh direktor oʻrinbosari boʻlgan.