AQSH prezidenti Donald Tramp 4-fevral kuni Oq uyda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan uchrashuvdan soʻng boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Gʻazo sektorini nazoratga olish rejalari haqida maʼlum qildi. Tadbirni Associated Press (AP) agentligi translyatsiya qildi.
Trampning qayd etishicha, AQSH nafaqat mintaqadagi portlamay qolgan oʻq-dorilar va qurollarni yoʻq qilish masʼuliyatini oʻz zimmasiga olishga, balki minglab ish oʻrinlari yaratish orqali hududni rivojlantirishga ham tayyor. Uning soʻzlariga koʻra, bu Gʻazoni butun Yaqin Sharq faxrlanishi mumkin boʻlgan gullab-yashnayotgan mintaqaga aylantirish imkonini beradi.
U yerda kimlar yashashi haqidagi savolga siyosatchi sektor “dunyo odamlari” va “Yaqin Sharq daryosi”ga aylanishi mumkinligini aytdi. Shuningdek, u mintaqada barqarorlikni mustahkamlash maqsadida hududni uzoq muddatli nazorat qilish imkoniyatini koʻrib chiqayotganini taʼkidladi.
Tramp AQSH qoʻshinlari yuborilishi ehtimoli haqidagi savolga javob berar ekan, AQSH barcha zarur choralarni koʻrishini aytdi. Shuningdek, u Isroilni qoʻllab-quvvatlashini bildirib, Gʻazo, Saudiya Arabistoni va Yaqin Sharqning boshqa davlatlariga tashrif buyurishga vaʼda berdi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Trampning soʻzlariga ijobiy munosabat bildirib, uning nostandart yondashuvi va yangi qarorlarga tayyorligini taʼkidladi.