Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni nogironligi boʻlgan bolalarga yordam berish tizimini isloh qilishni maʼqulladi. Bu haqda Adliya vazirligining huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Islohot doirasida davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmatlarini tashkil etish rejalashtirilgan. 1-martdan boshlab ular Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hamda Qoraqalpogʻistonda sinov tariqasida ishlay boshlaydi. 1-oktyabrga qadar ushbu markazlar butun mamlakat boʻylab ochiladi.
Bunday muassasalarga borilgan har bir kun uchun subsidiya ajratiladi. 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun u BHMning 25 foizini (93 750 soʻm), 7−18 yoshdagi bolalar uchun esa BHMning 27 foizini (101 250 soʻm) tashkil etadi. Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida subsidiya summasiga 1,1 oshiruvchi koeffitsiyent qoʻllaniladi, ogʻir moliyaviy ahvolga tushib qolgan oilalar uchun toʻlovlar 30%ga oshiriladi.
Ijtimoiy himoya yagona milliy tizimida “Kunduzgi parvarishlash xizmatini boshqarish” moduli paydo boʻladi, ushbu xizmatlardan foydalanuvchilar uchun maxsus mobil ilova mavjud boʻladi.
1-sentyabrga qadar mamlakatda rivojlanishdagi muammolarni erta bosqichlarda tashxislash, kompleks ijtimoiy-tibbiy yordam koʻrsatish, kasalliklar rivojlanishining oldini olish va bolalarning jamiyatga integratsiyalashuviga koʻmaklashadigan “Bolalar salomatligi” tizimi ishga tushiriladi.
2027-yil iyulgacha kunduzgi parvarish xizmatlarini ochgan tadbirkorlar Markaziy bankning asosiy stavkasida imtiyozli kredit olishlari mumkin. Ushbu mablagʻlarni alohida ehtiyojli bolalar uchun mebel va maxsus jihozlar sotib olishga yoʻnaltirish mumkin boʻladi.