Namangan viloyati Chust tumanida jinoyat ishlari boʻyicha sud raisi Jahongir Yoqubxoʻjayev bilan bogʻliq voqea sodir boʻldi. Kun.uz manbasiga koʻra, u 2025-yil 18-yanvar kuni xizmat xonasida yordamchisi Shohjahon Yaxshiboyevni doʻpposlagan.
Jabrlanuvchi Toʻraqoʻrgʻon tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilib, unga yuz yumshoq toʻqimalarining lat yeyishi tashxisi qoʻyilgan.
Bosh prokurorning matbuot kotibi holatni tasdiqladi. Hozirda mazkur holat yuzasidan Chust tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Yoqubxoʻjayevning ehtimoliy harakatlari Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 52-moddasi 2-qismiga (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) toʻgʻri kelishi mumkin. Aybini tan olgan taqdirda sudya 1,5 mln soʻmgacha jarimaga tortilishi mumkin. Biroq, qonunchilikka koʻra, sudya daxlsizlik huquqiga ega va sudyalar malaka hayʼatining roziligisiz maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Jahongir Yoqubxoʻjayev 2023-yil iyulidan buyon Chust tumani jinoyat ishlari boʻyicha sud raisi lavozimida ishlab kelayotgandi, u bungacha Izboskan tumanidagi xuddi shunday sudga rahbarlik qilgan.