5-fevral, chorshanba kuni Tojikiston Oliy sudi davlat toʻntarishiga urinish haqidagi shov-shuvli ish boʻyicha hukm chiqardi, deb yozadi “Aziya-Plyus” oʻz manbalariga tayanib.
Mahkumlar orasida sobiq amaldorlar, siyosatchilar va jurnalistlar, jumladan, sobiq tashqi ishlar vaziri, sobiq Oliy Kengash raisi va isteʼfodagi kuch tuzilmalari rahbarlari bor.
Hukm butun jarayon boʻlib oʻtgan poytaxt tergov izolyatorida eʼlon qilindi.
Nashr manbalariga koʻra, sud quyidagi qarorlarni chiqargan:
Parlament deputati, Tojikiston Demokratik partiyasi sobiq raisi Saidjafar Usmonzoda 27 yilga ozodlikdan mahrum etildi;
Tojikistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy 27 yilga ozodlikdan mahrum etildi;
Tojikiston Sotsial-demokratik partiyasi raisi oʻrinbosari, huquqshunos Shokirjon Hakimov 18 yilga ozodlikdan mahrum etildi;
Demokratik partiya raisining sobiq oʻrinbosari, jurnalist Ahmadshoh Komilzoda 18 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Bundan tashqari, tojikistonlik jurnalist va Shokirjon Hakimovning jiyani Ruhshona Hakimova davlatga xiyonat qilgani uchun 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Rasmiylar uni davlatga xiyonatda aybladi (Rossiya Jinoyat kodeksining 305-moddasi). Hukm chiqarilgunga qadar u ikki nafar yosh farzandi borligi sababli ozodlikda boʻlgan.
Hukm eʼlon qilingach, u toʻgʻridan-toʻgʻri sud zalida hibsga olingan.
Avvalroq prokuror unga 17 yillik qamoq jazosini soʻragan edi.
Maʼlumotlarga koʻra, Ruxshona Hakimova ishi uning Xitoyning Tojikistondagi taʼsiri boʻyicha soʻrovi bilan bogʻliq boʻlib, unga avvalroq sudlanganlarning baʼzilari, jumladan Saidjafar Usmonzoda va Shokirjon Hakimov javob bergan.
“Ozodi” radiosi oʻz manbalariga tayanib xabar berishicha, ushbu ish doirasida Tojikiston Oliy Kengashining sobiq raisi Akbarshoh Iskandarov ham 18 yilga qamalgan.
Isteʼfodagi polkovnik Nuramin Gʻanizoda 18 yilga, Tashqi ishlar vazirligining sobiq boshqarma boshligʻi Abdulfayz Atoiy esa 17 yilga ozodlikdan mahrum etildi, deb yozadi nashr.
Shuningdek, sud Hamroxon Zarifiy va Saidjaʼfar Usmonzodaning mol-mulkini musodara qilishga qaror qildi.