Oʻzbekiston hukumati “yashil” texnologiyalarni rivojlantirish, elektromobillarning ishlatilgan akkumulyatorlarini ekologik xavfsiz qayta ishlashni taʼminlash va ushbu sohada mahalliylashtirish jarayonini jadallashtirishga qaratilgan qarorni qabul qildi.
Foydalanish muddati uch yildan oshmagan elektromobillar uchun utilizatsiya yigʻimi miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 120 baravari (45 million soʻm)ni tashkil etadi.
Uch yildan oshgan elektromobillar uchun yigʻim miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 210 baravariga (78 million soʻm) teng boʻladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda utilizatsiya yigʻimlarini undirish va ulardan samarali foydalanish tartibini ishlab chiqadi.
Utilizatsiya yigʻimi olinadigan transport vositalari roʻyxatiga oʻzgartirishlar kiritildi. Endilikda “Elektr dvigatelli transport vositalari va gibrid transport vositalari” pozitsiyasi istisnolar roʻyxatidan chiqarilib, ular uchun yigʻimlar miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 120 va 210 baravari etib belgilandi.
Qaror 2025-yil 1-maydan kuchga kiradi.