Oʻzbekiston va Shveysariya Gulnora Karimovaning yana 182 mln dollarlik aktivlarini qaytarishga kelishib oldi

O‘zbekiston

Oʻzbekiston va Shveysariya hukumati Gulnora Karimovaning yana 182 million dollarlik aktivlarini qaytarishga kelishib oldi. Mablagʻlar Oʻzbekiston aholisi manfaatlari yoʻlidagi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarga yoʻnaltiriladi.

Oʻzbekiston va Shveysariya 6-fevral kuni Toshkentda Oʻzbekiston birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimovaning musodara qilingan aktivlarini taqsimlash toʻgʻrisidagi bitimni imzoladi.

Hujjatni adliya vaziri Akbar Toshqulov va Shveysariyaning Oʻzbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy imzoladi. Kelishuv doirasida qariyb 182 mln dollar Oʻzbekistonga qaytariladi.

“Ushbu mablagʻlar Oʻzbekistonning ayrim fuqarolari tomonidan noqonuniy ravishda qoʻlga kiritilgan va 2012-yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan Gulnora Karimovaga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida toʻliq musodara qilingan”, — deyiladi xabarda.

Pullar Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) huzurida tashkil etilgan Uzbekistan Vision 2030 koʻp tomonlama trast jamgʻarmasi orqali Oʻzbekistonga oʻtkaziladi.

Uzbekistan Vision 2030 jamgʻarmasi orqali qaytarilgan mablagʻlar Oʻzbekiston aholisi manfaatlari, xususan, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalaridagi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarga yoʻnaltiriladi. 2023-yil sentyabr oyida jamgʻarma Oʻzbekistonda oldini olish mumkin boʻlgan onalar va chaqaloqlar oʻlimini kamaytirishga qaratilgan BMTning yangi dasturini moliyalashtirish uchun 43,5 million dollar ajratdi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.