DXX Qoʻqon shahrida qalbaki dori vositalari ishlab chiqaruvchi yashirin sex, shuningdek, umumiy qiymati 1,8 mlrd soʻmdan ortiq boʻlgan kontrafakt mahsulotlar omborini aniqladi.
Huquq-tartibot idoralari xodimlarining eʼtiboriga birinchi boʻlib sifat sertifikatlari va kuzatuv hujjatlarisiz dori-darmonlarning katta partiyasini olib ketayotgan 20 yoshli fuqaro tushgan. Uning Lacetti rusumli avtomobili koʻzdan kechirilganda, undan 2005 dona “Midokalm” va 750 dona “L-lizin essinat” dori vositalari, qadoqlash qutilari va yoʻriqnomalar topilgan.
Yuk joʻnatilgan joydagi tintuv noqonuniy laboratoriyaga olib keldi. U yerda 1177 ampula “Aktovegin,” 165 ampula “Tavegil,” 30 ampula “L-lizin essinat,” 2700 ampula nomaʼlum dorilar, shuningdek, koʻplab qadoqlash materiallari, soxta koʻrsatmalar, yorliqlar va hatto dori nomlarini oʻzgartirish uchun boʻyoqlar saqlangan.
Maʼlum boʻlishicha, yashirin sexni 20 yoshli yigit 44 yoshli sherigi bilan til biriktirib tashkil qilgan.
Ekspertiza xulosasiga koʻra, olib qoʻyilgan dori vositalarining barchasi qalbaki boʻlib, sanitariya qoidalariga zid ravishda saqlangan. Ularni sotish va tibbiyot amaliyotida foydalanish taqiqlangan boʻlib, partiyaning umumiy qiymati 78 mln soʻmni tashkil etgan.
Qoʻlga olingan shaxs avval ham shunga oʻxshash jinoyat uchun javobgarlikka tortilgan. Biroq, tergov va sud jarayoniga qaramay, u noqonuniy faoliyat bilan shugʻullanishda davom etgan. Endi uning sherigiga nisbatan ham jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan - ikkalasi ham Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi boʻyicha jazoga tortilishi mumkin.
Qoʻqon shahrida 41 yoshli erkak 800 dona “Dyufaston” tabletkasini sertifikatsiz 800 ming soʻmga sotmoqchi boʻlgan.
Uning uyida oʻtkazilgan tintuv yanada kattaroq ishlab chiqarishni aniqladi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari “Elevit,” “Ursosan,” “Dyufaston,” “Yodomarin” va “Dyuspatalin” kabi turli dori vositalarining 405 ming tabletkasi, 5000 ta soxta yoʻriqnoma, 1200 ta qadoqlash qutisini aniqladi. Topilgan dori-darmonlarning umumiy qiymati 1,8 mlrd soʻmdan oshdi.
Bundan tashqari, surishtiruv davomida uning muqaddam sudlangan sherigi “Midokalma”ning 900 ta qalbaki yorligʻiga buyurtma bergani, “Diprosan” va “Tavegil” preparatlari uchun 2000 ta qalbaki yoʻriqnoma chop etmoqchi boʻlgani aniqlangan.
Aniqlangan barcha holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Tezkor xodimlar ushbu jinoiy tarmoq qancha vaqtdan beri faoliyat yuritgani va qalbakilashtirilgan dori vositalarini ishlab chiqarish va tarqatishda yana kimlar ishtirok etishi mumkinligini aniqlamoqda.