Toshkentning Olmazor tumanida yetti kilometrlik gastrol koʻchasi tashkil etiladi. Poytaxtning yana 26 ta koʻchasini savdo, koʻngilochar va xizmat koʻrsatishni oʻzida mujassam etgan tunu kun ishlaydigan hududlarga aylantirish rejalashtirilgan.
Xizmatlar sohasini rivojlantirishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida prezident Oʻzbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish masalasini muhokama qildi.
Xususan, Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Olmazor tumanida gastronomik va turizm koʻchasini tashkil etish loyihasini maʼqulladi. Bu yerda Eski shaharning oʻziga xos meʼmoriy qiyofasini saqlab qolgan holda qoʻshimcha turizm infratuzilmasi obyektlari barpo etiladi.
Unga koʻra, tumandagi 17 ta koʻchadan oʻtgan 7,3 kilometr yoʻlda 250 ta savdo va xizmat koʻrsatish obyekti qurilib, 1 ming 500 ta ish oʻrni yaratiladi. Bunday oʻzgarishlar natijasida tumanda tadbirkorlar koʻpayib, kunlik sayyohlar oqimi ortadi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston mehmonlari tomonidan xizmat koʻrsatish obyektlarining kechayu kunduz ishlashi boʻyicha bildirilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqib, sayyohlik va xizmat koʻrsatish obyektlarining kechki payt ishlashini taʼminlash zarurligini taʼkidladi. Shuningdek, u poytaxtning yana 26 ta koʻchasini xizmat koʻrsatish obyektlari tunu kun ishlaydigan gavjum hududlarga aylantirish va 24/7 rejimida ishlaydigan savdo nuqtalarini koʻpaytirish mumkinligini aytdi.