UEFA Chempionlar Ligasi pley-offida qoʻshimcha vaqtni bekor qilish masalasini koʻrib chiqmoqda

Dunyo

UEFA Chempionlar Ligasi pley-off oʻyinlarida qoʻshimcha boʻlimlarni bekor qilish masalasini muhokama qilmoqda va darhol penaltilar seriyasiga oʻtishni taklif qilmoqda. Sababi - turnir jadvali tigʻiz boʻlgani uchun futbolchilarga katta yuklama tushmoqda. Hozircha oʻzgartirishlar muhokama qilinmoqda va 2027-yilgacha qabul qilinishi dargumon.

Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) Chempionlar ligasi pley-off oʻyinlarida qoʻshimcha boʻlimlarni bekor qilib, uning oʻrniga penaltilar seriyasini amalga oshirish imkoniyatini muhokama qilmoqda, deb yozadi The Guardian.

Asosiy sabab - shundoq ham koʻp oʻyin oʻtkazayotgan yetakchi klublarning yuqori yuklamasi. Maydondagi qoʻshimcha 30 daqiqa futbolchilarning charchogʻini oshiradi, ayniqsa, musobaqa jadvali tigʻiz boʻlsa.

Biroq, 2027-yilgacha oʻzgarishlar kiritish ehtimoli pastligicha qolmoqda, chunki telehuquqlarni sotishning joriy sikli davom etmoqda. Hozircha masala norasmiy muhokama qilinmoqda, aniq yechimlar yoʻq. Agar yangilik maʼqullansa, bu jamoalarga yuklamani kamaytirishga va telekoʻrsatuvlar bilan bogʻliq muammolarning oldini olishga yordam beradi.

Statistika shuni koʻrsatadiki, Chempionlar Ligasida qoʻshimcha vaqt kamdan-kam qoʻllaniladi. Oʻtgan mavsumda 1/8 finaldan keyin faqat uchta oʻyin qoʻshimcha boʻlimlargacha yetib borgandi. Yevropa Ligasida soʻnggi ikki mavsumda bunday oʻyinlar soni oltitadan toʻrttaga kamaydi.

Barcha mumkin boʻlgan oʻzgarishlar UYEFA ijroiya qoʻmitasi tomonidan maʼqullanishi kerak. Qoidalardagi jiddiy yangilik oxirgi marta 2021-yilda, safardagi gol qoidasi bekor qilinganda yuz bergandi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.