Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi yerlarini ajratishning yangi tizimi joriy etilmoqda

O‘zbekiston

Oʻzbekistonda ijarachilarning mustaqilligi va yuqori qoʻshilgan qiymatli ekinlarni yetishtirish asosida qishloq xoʻjaligi uchun yer uchastkalarini ajratishning yangi tizimi joriy etilmoqda.

Qishloq xoʻjaligi uchun yer uchastkalarini ijarachilarning mustaqilligi va yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar yetishtirish asosida ajratishning yangi tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi.

Bunda, 3 gektardan 50 gektargacha boʻlgan yer uchastkalari konturlar va sugʻorish tizimi yaxlitligini buzmagan holda E-auksion platformasida elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi.

Har bir lot boʻyicha hujjatlarda, keyinchalik esa uchastkalarni ijaraga berish shartnomalarida quyidagilar majburiy tartibda koʻrsatiladi:

  • uchastkaning normativ qiymati va tuproq boniteti;

  • tadqiqot vaqti koʻrsatilgan holda tuproqning tarkibi va sifatini tahlil qilish natijalari;

  • almashlab ekish uchun tavsiya etiladigan asosiy va takroriy ekinlar;

  • suv taʼminoti usullari, davlat tomonidan kafolatlangan minimal va maksimal yillik suv limitlari;

  • dala chetida (muhofaza zonasidan tashqarida) agrosevis obyektlarini ijaraga olingan konturning 1 foizidan koʻp boʻlmagan, biroq 20 sotixdan oshmaydigan maydonda joylashtirish imkoniyatini nazarda tutuvchi yer tuzish loyihasi.

Elektron auksionlarda barcha rezident jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ishtirok etishi mumkin. Bunda auksion gʻolibi yuridik shaxsni roʻyxatdan oʻtkazishi yoki yer uchastkasi joylashgan hududdagi yuridik manzilini oʻzgartirishi kerak boʻladi.

Elektron auksionda boshlangʻich narx yer uchastkasi normativ qiymatining 50 foizi miqdorida belgilanadi. Sotilmay qolgan lotlar har besh kunda bir marta boshlangʻich narxning 10 foizidan kam boʻlmagan miqdorda bosqichma-bosqich arzonlashtirilgan holda qayta savdoga chiqariladi.

Yangi tizim doirasida elektron auksion gʻolibi - ijarachi Yer kodeksida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlardan tashqari quyidagi huquqlarga ega boʻladi:

  • yer uchastkasini 49 yil muddatga uzaytirish imkoniyati bilan ijaraga berish;

  • qishloq xoʻjaligi ekinlarining turlari, navlari va hajmlarini mustaqil belgilash;

  • ijara shartnomasi boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlarini Yer kodeksiga muvofiq bepul yoki haq evaziga boshqa shaxsga oʻtkazish (ikkilamchi ijara) va boshqalar.

Ijarachi quyidagilarga majbur boʻladi:

  • almashlab ekishni tashkil etish;

  • yer uchastkasidan oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish;

  • yetishtiriladigan ekinlar, ularning hajmlari va sotilgan mahsulotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Soliq qoʻmitasining axborot tizimiga muntazam kiritib borsin;

  • uchastkaning normativ qiymatini, tuproq bonitetini, uning tarkibi va sifatini belgilangan tartibda va muayyan davriylikda tekshirish.

Yangi tizim birinchi bosqichda 2025-yil va undan keyingi yillar hosili uchun paxta va gʻalla yetishtirish rejalashtirilmagan, tasdiqlangan roʻyxatdagi tumanlar hokimliklari ixtiyoridagi boʻsh yer maydonlarida joriy etiladi. Tizim 2025-yil bahorgi ekish mavsumigacha ishlay boshlaydi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.