Ozarbayjon Rossiyani oʻz hududida Rossotrudnichestvo filialini yopish toʻgʻrisida rasman xabardor qildi, deb xabar bermoqda Report agentligi xabardor manbalarga tayanib. Yopilishning aniq muddati va Rossiya tomonining munosabati hozircha eʼlon qilinmagan.
Manbaga koʻra, bunday qarorga Ozarbayjonning endi tashqi yordamga muhtoj emasligi va tashkilot faoliyatini shaffof emas deb hisoblashi sabab boʻlgan. Bundan tashqari, taʼkidlanishicha, Rossotrudnichestvo tuzilmasi razvedka xususiyatiga ega.
Avvalroq Ozarbayjon rasmiylari ham AQSHning USAID agentligi faoliyatini toʻxtatganini eʼlon qilib, buni uning faoliyati mamlakat manfaatlariga mos kelmaydigan tashqi kun tartibini amalga oshirishga qaratilganligi bilan izohlagan edi.
Rossotrudnichestvo - Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga qarashli tuzilma boʻlib, xorijdagi vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash va Rossiyaning gumanitar taʼsirini ilgari surish bilan shugʻullanadi. Biroq Yevropa Ittifoqi agentlikni targʻibot vositasi deb biladi va uni 2022-yilda sanksiyalar roʻyxatiga kiritgan. Shunga qaramay, uning vakolatxonalari, jumladan, “Rus uylari” Yevropaning Germaniya, Fransiya, Italiya, Polsha va boshqa qator mamlakatlarida oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.
Ozarbayjonda ham Rossotrudnichestvo “Rus uyi”ni boshqargan, biroq filialning yopilishi haqidagi rasmiy qarordan soʻng tashkilotning mamlakatdagi keyingi faoliyati soʻroq ostida qolmoqda.