Andijonda zapravka sifatsiz benzin sotish orqali noqonuniy ravishda 128 mln soʻm daromad oldi

O‘zbekiston

2024-yilda Andijon viloyatidagi yoqilgʻi quyish shoxobchalari haydovchilarga 128 mln soʻmlik sifatsiz benzin sotgan. Tadbirkorlarga nisbatan isteʼmolchilar huquqlarini buzganligi boʻyicha ish qoʻzgʻatildi. Yoqilgʻi quyish shoxobchalari egalari xaridorlarga pulni qaytarishga majbur etildi.

Andijon viloyatida avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalarida (AYOQSH) sifatsiz benzin sotish holatlari aniqlandi, bu esa qariyb 128 mln soʻmlik noqonuniy daromad olishga olib kelgan. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi xabar berdi.

2024-yil davomida qoʻmitaning hududiy boshqarmasi mahalliy AYOQSHlarda sotilayotgan yoqilgʻilar sifatini tekshirdi. Natijada benzinning belgilangan standartlarga mos kelmasligi bilan bogʻliq koʻplab qoidabuzarliklar aniqlandi.

Tekshiruv natijalariga koʻra, quyidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga tegishli 18 ta avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalarida qonunbuzarlik holatlari qayd etildi:

  • “Faykon” MCHJ;

  • “Markaziy Gaz Oil” MCHJ;

  • “Azizbek Barchinoy” MCHJ;

  • “Sanjar” MCHJ;

  • “Qalqon invest star” MCHJ;

  • “Baraka 2000” MCHJ;

  • “Ziyo agro kimyo mineral” MCHJ;

  • “Abdusattor sifat oil” MCHJ;

  • “Madina baraka hamkor” MCHJ;

  • “Andijon neft bazasi” MCHJ;

  • “Fayz baraka hamkori” MCHJ;

  • “Eco Petrol Mah” MCHJ;

  • “Mustaqillik 2001” MCHJ;

  • “Elit tranzit oil” MCHJ;

  • “Boburshox plyus oil” MCHJ;

  • “Brava oyl ko” MCHJ;

  • “Mohinur oil” XK;

  • “Maks Petrol Agro” MCHJ.

Monopoliyaga qarshi kurashish idorasi maʼlumotlariga koʻra, ushbu kompaniyalar sifatsiz yoqilgʻi sotish orqali 128 mln soʻm asossiz daromad olgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining hududiy boshqarmasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun talablari buzilganligi boʻyicha ish qoʻzgʻatdi. Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qaroriga asosan, mazkur AYOQSHlarga noqonuniy olingan mablagʻlarni isteʼmolchilarga qaytarish boʻyicha majburiy koʻrsatmalar berildi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.