Toshkentda avtobusda mast holatda boʻlgan erkak bolaga nisbatan uyatsiz harakatlar sodir etgani yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Holat Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan nazoratga olindi. Bu haqda Tashkent Land xabar berdi.
Videoda qayd etilgan voqea 2025-yil 7-fevral kuni kechqurun sodir boʻlgan va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan. Kadrlarda erkakning bolaga tegajogʻlik qilayotgani, gʻalati savollar berayotgani, soʻkinayotgani, qoʻlini soʻrayotgani, tahdid qilayotgani, qoʻlidan ushlab, oʻpishga urinayotganini koʻrish mumkin. Videoni voqeadan qoʻrqib ketgan bolaning oʻzi tasvirga olgan.
Bola haydovchi va boshqa yoʻlovchilardan bir necha bor yordam soʻragan, biroq videodan maʼlum boʻlishicha, tezkor choralar koʻrilmagan. Erkak biroz vaqt oʻtgachgina avtobusdan tushirildi. Bu esa haydovchilarning bu kabi holatlarda koʻrsatmalarga amal qilishi, zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish zarurati haqidagi savollarni keltirib chiqardi.
Taxminlarga koʻra, voqea Chilonzor tumani hududidan oʻtuvchi 94-sonli yoʻnalishda harakatlanayotgan Youtong rusumli elektrobusda sodir boʻlgan. Videofayl tahlili shuni koʻrsatadiki, suratga olish ishlari 2025-yil 6-fevral kuni yarim tunda olib borilgan.
Bolalar ombudsmani matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, erkakning shaxsi aniqlangan. U 1988-yilda tugʻilgan X.Gʻ. boʻlib, dastlabki maʼlumotlarga koʻra, mast holatda boʻlgan. U 2012-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan U.I. ga nisbatan jinsiy zoʻravonlik va boshqa noqonuniy harakatlarni sodir etgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Hodisa tafsilotlari va avtobus haydovchisining xatti-harakatlari oʻrganilmoqda.