2025-yil 1-maydan boshlab Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida yangi sanoat loyihalarini ishga tushirishga cheklovlar joriy etiladi. Bu “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi boʻyicha Davlat dasturi hamda “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid Prezident qarorida koʻzda tutilgan.
Hujjatga koʻra, quyidagilar bilan bogʻliq yangi korxonalarni tashkil etish taqiqlanadi:
asbest, sement, shlam va shlaklar ishlab chiqarish;
charm-teri va parrandachilik sanoati;
koʻmirni zamonaviy chang tutish va gaz tozalash tizimlarisiz yoqish;
metallurgiya (qora va rangli), zararli kimyoviy qoʻshimchali shisha ishlab chiqarish;
xavflilik darajasi yuqori boʻlgan (I va II klass) chiqindilarni qayta ishlash va yoqish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
2025-yil 1-oktyabrga qadar Ekologiya vazirligi qator idoralar va mahalliy hokimliklar bilan birgalikda ushbu shaharlardagi mavjud korxonalarni bosqichma-bosqich koʻchirish va modernizatsiya qilish boʻyicha takliflar tayyorlashi kerak.