Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi mamlakat hududida noqonuniy boʻlib turgan oʻz fuqarolarini 30-aprelga qadar oʻz huquqiy maqomini qonuniylashtirishga chaqirdi.
Eslatib oʻtamiz, 5-fevraldan boshlab mamlakatda Ichki ishlar vazirligi tomonidan yuritiladigan “nazorat ostidagi shaxslar reyestri” ishga tushirildi. Ushbu roʻyxatga migratsiya qonunchiligi sohasida maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan chet el fuqarolari kiritiladi.
Reyestrga kiritilgan shaxslar yo Rossiyani tark etishi, yoki 30-aprelgacha boʻlgan muddatda oʻz huquqiy maqomini qonuniylashtirishi kerak. Buning uchun Ichki ishlar vazirligining hududiy organlariga, “Pasport-viza xizmati” filiallariga yoki Moskvadagi “Saxarovo” koʻp funksiyali migratsiya markaziga murojaat qilish kerak.
“Reyestrga kiritilgan chet elliklar uchun koʻchmas mulk va transport vositalarini sotib olish va roʻyxatdan oʻtkazish, nikoh tuzish, yuridik shaxs tashkil etish va yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtish, bank hisobvaraqlarini ochish va bank operatsiyalarini amalga oshirish, transport vositalarini boshqarish taqiqlanadi”, — deyiladi xabarda.
Huquqiy maqomingizni Rossiya Ichki ishlar vazirligining rasmiy saytida tekshirishingiz mumkin.