Samarqand viloyatida er xotinini ayovsiz kaltakladi, oqibatda ayol vafot etdi. Bu haqda Nemolchi.uz loyihasi xabar bermoqda.
Yanvar oyi boshida samarqandlik ayol eri tomonidan ayovsiz kaltaklangan edi. U mahalladan yordam olish ilinjida darhol huquq-tartibot idoralariga murojaat qilmagan. Biroq mahalliy organlar uni himoya qilish u yoqda tursin, sodir boʻlgan voqea haqida IIVga maʼlumot bermagan.
Faqatgina 12-yanvar kuni Shahnozaning onasi Rossiyadan qaytgach, qizini shifoxonaga olib borishga muvaffaq boʻldi. Kaltaklangan ayol ogʻir ahvolda edi - ozgʻin, koʻplab eski va yangi gematomalar bilan. Zoʻravonlik alomatlari yaqqol koʻrinib turganiga qaramay, u yuzaki tekshirildi, faqat “stress” va “kontuziya” tashxisi bilan cheklandi.
Shu bilan birga, eri turmush oʻrtogʻini qoʻrqitishda davom etgan: u kasalxonaga kelib, uni videoga olgan va kaltaklamaganini aytishni talab qilgan. Tibbiyot xodimlari vaziyatga aralashmaslikni maʼqul koʻrishdi.
Fevral oyining birinchi kunida Shahnozaning ahvoli keskin yomonlashdi, uni reanimatsiyaga oʻtkazishdi, ammo qutqarib qolishning iloji boʻlmadi. Ayol vafot etgan, uning oilasi oʻlim sababi boʻyicha haligacha rasmiy xulosa olmagan.
Marhumaning onasi 16-yanvar kuni huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan, biroq jinoyat ishi qoʻzgʻatilmagan. Bundan tashqari, uni bayonotda kaltaklash haqida gapirmaslikka undashgan. Shahnozaning oʻlimidan keyingina sud-tibbiy ekspertizasi oʻtkazildi.
Uch nafar yosh bola yetim qoldi. Marhumaning oilasi ushbu jinoyatga yoʻl qoʻygan va harakatsiz qolgan barchaga nisbatan adolat va jazo berilishini talab qilmoqda.